Yangi oʻzbek alifbosi
28 ta harf va tutuq belgisi. Oʻzgarish toʻrtta belgiga tegdi, qolgani oʻz oʻrnida qoldi.
Nima nimaga almashdi
| Eski | Yangi | Unicode | Misol |
|---|---|---|---|
| oʻ | ö | U+00F6 / U+00D6 | oʻzbek → özbek |
| gʻ | ğ | U+011F / U+011E | togʻ → toğ |
| sh | ş | U+015F / U+015E | shahar → şahar |
| ch | ç | U+00E7 / U+00C7 | choy → çoy |
Toʻliq alifbo
Harflar tartibi turk va ozarbayjon alifbolaridagidek berilgan: ç b dan keyin, ğ g dan keyin, ö o dan keyin, ş s dan keyin. Imlo qoidalarining yangi tahriri hali chop etilmagan — rasmiy tartib eʼlon qilinishi bilan jadvalni yangilaymiz.
| Harf | Nomi | Talaffuz | Izoh |
|---|---|---|---|
| A a | a | [a] | |
| B b | be | [b] | |
| Ç ç | çe | [tʃ] | islohotda oʻzgargan · ch → ç |
| D d | de | [d] | |
| E e | e | [e] | |
| F f | ef | [f] | |
| G g | ge | [ɡ] | |
| Ğ ğ | ğe | [ʁ] | islohotda oʻzgargan · gʻ → ğ |
| H h | ha | [h] | |
| I i | i | [i] | |
| J j | je | [dʒ] / [ʒ] | |
| K k | ka | [k] | |
| L l | el | [l] | |
| M m | em | [m] | |
| N n | en | [n] | |
| O o | o | [ɔ] | |
| Ö ö | ö | [o] | islohotda oʻzgargan · oʻ → ö |
| P p | pe | [p] | |
| Q q | qa | [q] | |
| R r | er | [r] | |
| S s | es | [s] | |
| Ş ş | şe | [ʃ] | islohotda oʻzgargan · sh → ş |
| T t | te | [t] | |
| U u | u | [u] | |
| V v | ve | [v] | |
| X x | xa | [χ] | |
| Y y | ye | [j] | |
| Z z | ze | [z] | |
| ʼ | tutuq belgisi | [ʔ] | yangi belgi |
Tutuq belgisi ʼ
Tutuq belgisi — bu tinish belgisi emas, harf. U unlini choʻzadi yoki undoshni ajratadi: sanʼat, maʼno, aʼlo. Toʻgʻri belgi — ʼ (U+02BC). Klaviaturadagi oddiy tekis apostrof ' ham, tipografik qoʻshtirnoq ’ ham buning oʻrnini bosa olmaydi: ular boshqa belgilar va qidiruvda mos kelmaydi. Konvertorimiz kiritishda hammasini bittasiga keltiradi, chiqishda esa doim ʼ yozadi.
ng bilan nima boʻldi
Islohotgacha ng alohida harf sifatida sanalar edi. Endi u shunchaki ikkita harfning yonma-yon kelishi. Matnda hech narsa oʻzgarmaydi: singil ham, keng ham avvalgidek yoziladi. Oʻzgargani — alifbo roʻyxatidagi tartib va harflar soni.
Harflar soni qanday oʻzgardi
- Ilgari: 26 harf va 3 ta harf birikmasi (sh, ch, ng)
- Hozir: 28 harf va tutuq belgisi ʼ
Nega bu qulayroq
Bitta tovush — bitta belgi. Soʻzdagi harflar soni tovushlar soniga toʻgʻri keladi, saralash va qidiruv toʻgʻri ishlaydi, apostrof bilan bogʻliq chalkashlik yoʻqoladi. ö ğ ş ç harflari turk va ozarbayjon alifbolarida ham bor, shuning uchun ular har qanday tizim shriftida allaqachon mavjud.
Tez-tez beriladigan savollar
Yangi alifboga oʻtish qachon majburiy boʻladi?
Aniq muddat hali belgilanmagan. Qonunda faqat bitta sana bor — maktab darsliklari uchun 2031-yil. Qolgan muddatlar Vazirlar Mahkamasining dasturida boʻladi, u hali tayyorlanmoqda.
Eski lotinda yozilgan hujjatlarim nima boʻladi?
Ular oʻqilaveradi. Yaqin yillar davomida mamlakatda uchta yozuv — eski lotin, yangi lotin va kirill — bir vaqtning oʻzida ishlatiladi. Konvertorimiz uchalasi bilan ham ishlaydi va istalgan tomonga oʻgiradi.
Kirill yozuvi bekor qilinadimi?
Yoʻq. Islohot lotin yozuvining imlosini oʻzgartirdi, kirillga tegmadi. Kirilldan yangi lotinga oʻgirish konvertorimizda alohida yoʻnalish sifatida bor.
ö ğ ş ç harflarini klaviaturamda qanday yozaman?
Qurilmangiz uchun klaviatura sahifasidagi koʻrsatmaga qarang. macOS va Windows uchun bizning tayyor joylashuvimiz bor, iPhone va Android uchun ilova tayyorlanmoqda. Shoshilinch holatda matnni shu yerda oʻgirib, nusxa olib qoʻyaverish mumkin.
Bu harflar barcha shriftlarda bormi?
Ha. ö ğ ş ç turk va ozarbayjon alifbolarida ishlatiladi, shuning uchun ular tizim shriftlarida allaqachon bor. Muammo faqat latin-ext qismi kesib tashlangan maxsus veb-shriftlarda chiqishi mumkin.
Konvertor matnimni saqlab qoladimi?
Yoʻq. Oʻgirish brauzeringiz ichida bajariladi, matn serverga umuman yuborilmaydi. Buni internetni oʻchirib tekshirsangiz ham boʻladi.
Nega Chelsea Çelsea boʻlib qolmayapti?
Chunki umumiy qoida atoqli otlar va oʻzlashmalarda yanglishadi. Bizda istisnolar lugʻati bor va u foydalanuvchilar shikoyatlaridan toʻldirib boriladi. Notoʻgʻri oʻgirilgan soʻzni uchratsangiz, yozing — lugʻatga qoʻshamiz.
Xizmat pulli boʻladimi?
Konvertor va klaviaturalar har doim bepul qoladi. Roʻyxatdan oʻtish, cheklov va reklama yoʻq.