2 daqiqa oʻqishga
Tutuq belgisi: qaysi belgi toʻgʻri
Yangi alifboda 28 ta harf va tutuq belgisi bor. Tutuq belgisi — ʼ, Unicode raqami U+02BC. Boshqa hech qanday belgi emas.
Nega buncha chalkashlik
Klaviaturada bu belgining oʻzi yoʻq, shuning uchun har kim qoʻl ostidagini bosgan. Matnlarda beshta har xil belgi yuribdi: ' oddiy apostrof, ’ tipografik qoʻshtirnoq, ` teskari urgʻu, va bir-biriga juda oʻxshash ikkita modifikator harf — ʻ bilan ʼ.
Oxirgi ikkitasi eski imloda ikki xil ish qilardi. ʻ (U+02BB) oʻ va gʻ tarkibida turardi, yaʼni harfning bir qismi edi. ʼ (U+02BC) esa tutuq belgisi. Koʻzga deyarli bir xil koʻringani uchun ular yigirma yil davomida aralashtirib yozilgan.
Islohotdan keyin oʻ va gʻ oʻrniga ö va ğ keldi, demak ʻ endi umuman kerak emas. Bitta belgi qoldi — ʼ.
Qayerda qoʻyiladi
Tutuq belgisi koʻpincha arab tilidan kirgan soʻzlarda uchraydi. U oʻzidan oldingi unlining choʻziq aytilishini yoki ikki tovushning alohida aytilishini koʻrsatadi: sanʼat, maʼno, aʼlo, shuʼla, sunʼiy.
Bu tinish belgisi emas, harf. U soʻz ichida yashaydi: qoʻshtirnoq kabi soʻzni oʻrab turmaydi va tire kabi soʻzni boʻlmaydi.
Isʼhoq dagi ajratgichga endi hojat yoʻq
Eski imloda Isʼhoq va asʼhob soʻzlaridagi belgi faqat bitta ish qilardi: sh ni bir tovush deb oʻqishdan saqlardi. Endi ş alohida harf, s bilan h yonma-yon turganda hech qanday chalkashlik yoʻq — Ishoq deb yozilaveradi.
Imlo qoidalarining yangi tahriri hali chop etilmagani uchun konvertorimizda bu tanlov ochiq qoldirilgan: ajratgichni olib tashlash yoki joyida qoldirish sizning ixtiyoringizda.
Nima qilish kerak
Yozayotganda ʼ ni qoʻying. Uni qayerdan olish kerakligi Klaviatura sahifasida yozilgan: tartibni oʻrnatgan boʻlsangiz alohida tugmada turadi, oʻrnatmagan boʻlsangiz oʻsha sahifadan nusxa olsangiz boʻladi.
Konvertorimiz esa qaysi belgini yozganingizdan qatʼi nazar tushunadi va natijada doim ʼ qoʻyadi.