Yangilangan · 5 daqiqa oʻqishga
Sayt yoki kompaniya hujjatlarini yangi alifboga oʻtkazish
Bu sahifa matn bilan ishlaydigan tashkilotlar uchun: tahririyat, nashriyot, kompaniya, davlat idorasi. Tartib shunday: avval eng arzon va eng foydali, oxirida eng qimmat.
1. Matn — bu eng oson qismi
Maqolalar, hujjatlar, subtitrlar. txt, md, csv, srt, vtt va docx fayllarini Fayllar sahifasiga bir vaqtda bir nechtasini tashlab, natijani yuklab olish mumkin. Hammasi brauzer ichida bajariladi: ish hujjati serverga yuborilmaydi.
Word hujjatida matn hujjatning oʻzida tahrirlanadi — fayl qaytadan yigʻilmaydi. Shuning uchun uslublar, jadvallar, rasmlar, kolontitullar va raqamlash joyida qoladi.
2. Qidiruv — bu yerda koʻpchilik buziladi
Bazada Toshkent, foydalanuvchi Toşkent deb yozadi, mos kelish nolga teng. Yechim bitta: solishtirishdan oldin soʻrovni ham, indeksni ham bitta shaklga keltiring. Qaysi biriga — muhim emas, muhimi ikkalasiga bir xil.
Buni bazani oʻgirishdan oldin qiling, aks holda saytingiz ishlab turgandek koʻrinadi, lekin hech narsa topilmaydi va sababini hech kim tushunmaydi.
3. Saralash
Odatiy saralashda ö va ğ z dan keyin ketadi, chunki ularning kod raqami kattaroq. JavaScriptda Intl.Collator("uz-Latn"), PostgreSQLda COLLATE "uz-Latn-x-icu" kerak boʻladi. Buni unutsangiz, alifbo boʻyicha roʻyxatlar jimgina notoʻgʻri tartibda chiqadi.
4. Eski havolalar
Agar manzillarda soʻzlar boʻlsa — /maqola/toshkent-shahri — ularni oʻgirmang. Manzil oʻzgarsa, eski havolalar oʻladi: qidiruv tizimidagi oʻrin, boshqa saytlardagi ssylkalar, odamlarning xatchoʻplari.
Agar baribir oʻgirmoqchi boʻlsangiz, eski manzildan yangisiga doimiy yoʻnaltirish qoʻying va ikkalasini ham ishlatib turing.
5. Bazadagi matn
Bazani bir marta oʻgirish — eng xavfli qadam, chunki orqaga qaytarish qiyin. Tartib shunday:
- Zaxira nusxa. Keyin emas, hozir.
- Avval qidiruv va saralashni tuzating (2 va 3-bandlar).
- Kiruvchi matnni normalize("NFC") orqali oʻtkazing: ö bitta kodpoint boʻlib ham, o va qoʻshiluvchi belgi boʻlib ham keladi.
- Kichik boʻlakdan boshlang va natijani koʻzingiz bilan koʻring.
- Atoqli otlarni alohida tekshiring: Chelsea Çelsea boʻlib qolmasligi kerak.
6. Shriftlar — bu yerda ish yoʻq
Toʻrtala harf turk va ozarbayjon alifbolaridan olingan va oʻttiz yildan beri barcha tizim shriftlarida bor. Shrift sotib olish, dasturlarni almashtirish kerak emas.
Agar saytingizda oʻz veb-shrifti boʻlsa, unda latin-ext qismi borligini tekshiring: boʻlmasa, harflar boshqa shriftga oʻtib ketadi va matn notekis koʻrinadi.
7. Oʻquvchi uchun tugma
Saytingizga bir qator qoʻysangiz, maqolangizda «yangicha koʻrsatish» tugmasi paydo boʻladi: oʻquvchi bir bosishda matnni yangi alifboda koʻradi va ikkinchi bosishda qaytaradi. Bu bazani oʻgirishdan ancha arzon va orqaga qaytarish oson. Vidjet sahifasiga qarang.
Muddatlar haqida
Qonun prezident imzosidan keyin kuchga kiradi, sohalar boʻyicha muddatlar esa qonunni amalga oshirish dasturida boʻladi — u hali yozilmoqda. Yaʼni shoshilishga sabab yoʻq, lekin qidiruv va saralashni hozirdan tuzatib qoʻyish arzonroq: keyin ular ustiga oʻgirilgan baza qoʻshiladi.